Yangiliklarga qaytish
Klub yangiliklari

“NEFTCHI” VA YAPONIYANING NUFUZLI “YOKOHAMA” KLUBI BILAN HAMKORLIK QILISH MASALALARI MUHOKAMA QILINDI

7-iyun, 2026·2 min o'qish·25
neftchi yakohama2026

Bugun Farg‘onaning faxri — “Neftchi” futbol klubi qarorgohida Yaponiyaning nomdor

Bugun Farg‘onaning faxri — “Neftchi” futbol klubi qarorgohida Yaponiyaning nomdor futbol jamoalaridan biri — "Yokohama" klubi bilan o‘zaro strategik hamkorlik qilish bo’yicha yig’ilish bo‘lib o‘tdi. Muzokaralar zamonaviy aloqa vositalari orqali Zoom platformasi yordamida tashkil etildi va tomonlar uzoq muddatli hamkorlik masalalari muhokama qilindi.

Yig’ilish davomida “Neftchi” klubi tomonidan ijrochi direktor Zohidjon G‘ofurov, Farg'ona viloyati futbol assotsiatsiyasi birinchi vitse-prezidenti Nosirbek Otaqo‘ziyev, bosh murabbiy Islombek Ismoilov, seleksioner Anvar Berdiyev ishtirok etdi. Yaponiya tomoni nomidan esa klub bosh menejeri Kazuhiro UEO muzokaralarda qatnashdi.



Uchrashuv davomida tomonlar futbolning bir qator strategik yo‘nalishlari bo‘yicha o‘zaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yish yuzasidan kelishuvga erishdi. Jumladan:

Murabbiylik va futbol metodologiyasi bo‘yicha hamkorlik
Murabbiylar almashinuvi, zamonaviy mashg‘ulot metodikalari, sport ilm-fani, jismoniy tayyorgarlik hamda futbolning ilg‘or texnologiyalarini amaliyotga joriy qilish bo‘yicha tajriba almashiladi.

Marketing va brending yo‘nalishidagi sheriklik
Klublarning xalqaro imijini mustahkamlash, marketing strategiyalarini rivojlantirish, tijoriy imkoniyatlarni kengaytirish va zamonaviy futbol boshqaruvi bo‘yicha hamkorlik qilinadi.

Media-marketin va raqamli kontent sohasidagi hamkorlik
Klublar o‘rtasida media kontent almashinuvi, muxlislar bilan ishlashning innovatsion shakllari, raqamli platformalarda qo‘shma loyihalarni amalga oshirish hamda “Neftchi” brendini xalqaro auditoriyaga olib chiqish yuzasidan mutahassislar jalb qilish ko’rib chiqiladi.

Akademiyalar va yosh futbolchilar rivoji
Tomonlar akademiyalar o‘rtasida tajriba almashish, yosh futbolchilarni rivojlantirish dasturlarini yo‘lga qo‘yish, murabbiylar metodologiyasini takomillashtirish hamda yoshlar turnirlarini tashkil etish bo‘yicha hamkorlik qilishga kelishib oldi.

Shuningdek, kelishuv asosida “Neftchi”ning istiqbolli yosh futbolchilarini ijara asosida Yaponiya klubiga tajriba orttirish maqsadida yuborish, kelgusida esa transfer huquqlari saqlangan holda ularni Yevropa klublariga transfer qilish mexanizmlarini ishlab chiqish masalalari ham muhokama qilindi.

Bundan tashqari, “Neftchi” futbol akademiyasi murabbiylarini Yaponiyaga malaka oshirish va tajriba almashish uchun o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlariga yuborish, klub marketing tizimini rivojlantirish, infratuzilmani modernizatsiya qilish bo‘yicha amaliy tashriflarni tashkil etish yuzasidan ham takliflar ilgari surildi. Yaponiya tomoni ushbu tashabbuslarni ijobiy baholab, amaliy jihatdan qo‘llab-quvvatlashga tayyor ekanligini bildirdi.

Muloqot davomida Kazuhiro UEO tomonidan klub rivojlanishiga investitsion hamkorlik sifatida aksiyalarni sotib olish imkoniyatlari yuzasidan ham taklif ilgari surildi. Tomonlar ushbu yo‘nalishlarni kelajakdagi amaliy uchrashuvlar va Yaponiyaga tashriflar orqali yanada chuqurlashtirishga kelishib oldi.

Suhbat davomida Yaponiya klubi vakillari  “Neftchi” bilan yo‘lga qo‘yilayotgan hamkorlik uzoq yillar davom etishi va real natijalar berishiga katta ishonch bildirishdi.

Mazkur kelishuv “Neftchi” futbol klubi tarixidagi xalqaro aloqalarni yangi bosqichga olib chiquvchi muhim strategik qadam sifatida baholanmoqda. Bu hamkorlik nafaqat klub tizimini rivojlantirish, balki yosh futbolchilarni xalqaro maydonga olib chiqish, zamonaviy futbol boshqaruvini yo‘lga qo‘yish hamda “Neftchi” brendining xalqaro miqyosdagi nufuzini oshirishga xizmat qilishi kutilmoqda.

neftchi yakohama


islombek ismoilov


"Neftchi" PFK matbuot xizmati

Ulashish

O'xshash yangiliklar